Markaziy bank bartaraf etilmagan qoidabuzarliklar uchun Yangi bank`ning litsenziyasini bekor qildi va tugatish komissiyasi tuzildi, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, bank faoliyatida aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarlicha natija bermagan. Xususan, Yangi bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan minimal darajaga yetkazilmagan, shuningdek, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunning ayrim talablari bajarilmagan.
Yangi bank omonatchilarining kafolatlangan omonatlari bo‘yicha kompensatsiya Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan to‘lanadi. Omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovi haqida batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligining 55-550-05-00 ishonch telefoni orqali olishingiz mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 32 ming 526 nafar omonatchining 32 ming 153 nafarining kafolatlangan omonatlari to‘liq qaytariladi, 373 nafar fuqaroning kafolatlangan omonatlarining qolgan qismi tugatish komissiyasi qaroriga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Masala Markaziy bankning doimiy nazorati ostida bo‘lib, jarayon bosqichma-bosqich kuzatib borilmoqda va jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilmoqda, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank banklarda “sirli mijozlar” bilan tadbirlar o‘tkazish qoidalarini tasdiqladi. Mutaxassislar shu tariqa muassasalar tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish talablariga rioya qilayotganini tekshirishni rejalashtirmoqda.



















