Xorazmda ikki nafar FVB xodimi firibgarlik va pora bilan qo‘lga tushdi
Mas’ul xodimlar haydovchilik guvohnomasi va ish bilan ta’minlashda yordam berishga va’da bergan.

Xorazm viloyatida ikki nafar FVB xodimi firibgarlik va pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Tuproqqal’a tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi Hazorasp tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 1500 AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u oldindan kelishilgan 400 dollar va 1 mln 300 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Shovot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, unga ichki ishlar organlaridagi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, 1400 AQSH dollari va 1 mln 300 ming so‘m olgan. U ham jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.
Avvalroq soliq idorasi xodimi 40 dollar pora olgani uchun ikki yilga qamalgani xabar qilingandi. Erkakning uchta farzandi qolgan.
Izohlar