Xonadon xaridorlari qurilishni tanqid qilgani uchun jazolanishni boshladi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bunday holat fuqarolarning huquqlarini cheklashini eslatdi.

Golden House Property Group kompaniyasi ishida iste’molchilar huquqlarini cheklash holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, kompaniya shartnomalarida xaridor o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa yoki OAV, tegishli organlar va tashkilotlarga murojaat qilib, qurilish faoliyatidan noroziligini bildirsa, shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima qo‘llash belgilangan.
Bu iste’molchilarning huquqlarini cheklaydi va qonun talablariga ziddir. Shu munosabat bilan Golden House Property Group’ga qonunbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, barcha subyektlar raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etishlari shart, — deyiladi xabarda.
Avvalroq fuqarolarga qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilishdagi huquqlari eslatib o‘tilgandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga minglab shikoyat arizalari kelib tushgan.
Izohlar