UzTest Buxoro viloyatida 400 mln so‘mlik uskunalar o‘g‘irlanganini tasdiqladi
Hodisa 2024-yil noyabr oyida sodir bo‘lgan.

Avvalroq UzTest ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining Buxoro viloyatidagi mintaqaviy filialida uskunalar o‘g‘irlangani haqida xabar berilgandi. Tashkilot matbuot xizmati rasmiy bayonotida bu ma’lumotlar tasdiqlandi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, filialda haqiqatan ham 150 mln so‘mlik “Tormoz stendi” sinov qurilmasi va 250 mln so‘mlik gaz ballonlarini o‘lchash uskunalari o‘g‘irlangan. Qoidabuzarliklar 2024-yil noyabr oyida Texnik jihatdan tartibga solish agentligining komplayens-nazorat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan ichki tekshiruv davomida aniqlangan. Materiallar darhol huquq-tartibot idoralariga topshirildi, holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov harakatlari yakunlangach, UzTest qo‘shimcha tushuntirish berishga va’da berdi.
Biroq tashkilot UzTest tuzilmasida 6 mlrd so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflangani haqida tarqalgan ma’lumotni rad etdi. Matbuot xizmati bu ma’lumotlarni ishonchsiz va asossiz deb atadi.
“Ularning so‘zlariga ko‘ra, markazning barcha moliyaviy faoliyati komplayens-bo‘linma tomonidan doimiy monitoring qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Yakunda UzTest yolg‘on ma’lumot tarqatish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib, ijtimoiy tarmoq ma’murlarini noto‘g‘ri xabarlarni e’lon qilishdan tiyilishga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni esa o‘z vakolatlari doirasida chora ko‘rishga chaqirdi.
Izohlar