Hodisa

“Uch qahramon” bozoridagi yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar 74 mlrd so‘mga baholandi

Buning oqibatlarini bartaraf etish uchun yuzlab tadbirkorlarga ikki oy davomida bepul savdo joylari ajratiladi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 14-avgust kuni “Uch qahramon” savdo majmuasiga tashrif buyurib, tadbirkorlar va savdo majmuasi xodimlari bilan yong‘in oqibatlari va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Hodisaning dastlabki sababi sifatida bozorga kiraverishdagi savdo pavilonlari o‘rtasidagi elektr kabellaridagi kuchlanish farqi ko‘rsatilgan. Buni aniqlash maqsadida kompleks sud ekspertizasi tayinlangan. Qayd etilishicha, hozirda tergovchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda vaziyatni o‘rganish va tezkor-qidiruv ishlarini mobil shtab shaklida davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, yong‘in natijasida yetkazilgan zararning dastlabki miqdori ma’lum bo‘ldi: u taxminan 74 mlrd so‘mni tashkil etdi. Qayd etilishicha, yong‘in 137 nafar tadbirkorga tegishli 181 ta do‘konni butunlay yo‘q qilgan. Sodir bo‘lgan hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun 165 nafar tadbirkorga 2 oy muddatga bo‘sh turgan savdo maydonchalari bepul ajratiladi. 17-avgustdan boshlab majmuaning omon qolgan qismida savdo tiklanadi.

Toshkent viloyati prokurori Azamat Mirzayevning ma’lum qilishicha, hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash va voqealarga huquqiy baho berish uchun 40 nafar tergovchidan iborat guruh jalb qilingan. Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hodisa 11-avgustga o‘tar kechasi soat 02:22 da Toshkent viloyatidagi “Uch qahramon” bozorida sodir bo‘lgan. Yong‘inni bartaraf etish uchun 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 03:24 da qurshab olinib, 04:46 da o‘chirilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная