Transport vazirligi avtobus va yengil avtomobil ishtirokidagi halokatli YTHga izoh berdi
Elektrobusni 15 yillik ish tajribasiga ega haydovchi boshqargan.

Transport vazirligi piyodalar o‘tish joyida avtobus va yengil avtomobil piyodani urib yuborgan mudhish avariyaga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 9-dekabr kuni soat 22:20 da sodir bo‘lgan. 45 yoshli, 15 yillik ish stajiga ega Yutong elektrobus haydovchisi 19-avtobus yo‘nalishi bo‘ylab Mirobod tumani Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur ko‘chasi tomon harakatlanib kelayotgan bo‘lgan.
Markaziy bank binosi ro‘parasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida u 46 yoshli piyodani urib yuborgan. Oqibatda piyoda qarama-qarshi yo‘nalishga tushib ketgan va uni 42 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Haval avtomobili haydovchisi urib yuborgan. Oqibatda piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
“Toshshahartransxizmat” marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Hujjatlar Toshkent shahar IIBB Tergov bo‘limi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan. Hozirda dastlabki tergov va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, — deyiladi xabarda.
Avvalroq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Izohlar