Hodisa

Toshkentni yana chang bo‘roni qoplab oldi — video

Aholidan ehtiyot bo‘lish va avtomobillarni daraxtlar ostida qoldirmaslik so‘ralmoqda.

Toshkentni yana chang bo‘roni qoplab oldi — video

23-may kuni Toshkentda shamol kuchayib, shaharda yana chang ko‘tarildi, aholidan ehtiyot bo‘lish va avtomobillarni daraxtlar ostida qoldirmaslik so‘raldi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Sinoptiklar ma’lumotlariga ko‘ra, kechga yaqin qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamolning tezligi ba’zi joylarda sekundiga 15-17 metrdan oshadi. Aholiga ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lishni cheklash tavsiya etiladi.

Shuningdek, IIBBdan avtomobillarni daraxtlar ostida qoldirmaslik, o‘zini, yaqinlarini va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini ehtiyot qilish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda 1050 va 1055, (71) 212-69-80, (71) 212-69-82 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, 17-may kuni ham Toshkentni kuchli chang bo‘roni qoplagandi. Shaharliklar ulkan chang devorini atigi bir necha daqiqada payqashgan: kuchli shamol poytaxtga chang olib kirgan.

Toshkentda nafas olish hayot uchun xavfli — IQAir xizmati O‘zbekiston poytaxtidagi chang bo‘roni fonida havoni baholadi, PM 2.5 bo‘yicha ifloslanish darajasi JSST me’yoridan 157 baravar yuqori. Noqulay ob-havo sharoiti va kuchli shamol tufayli Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 19 mingga yaqin iste’molchi elektr ta’minotisiz qoldi.

Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov Ekologik texnologiyalar va tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Botir Xalmuratovga tayanib, Toshkentdagi chang bo‘roni sabablari haqida gapirgan.

Izohlar

Mavzuga oid