Hodisa

Toshkentliklar “Gospitalniy” bozoridagi daraxtlar kesilayotganidan xavotirda

Bozor yashil hududni ham qo‘shib devor bilan o‘rab qo‘yildi, bu voqea yuzasidan hokimiyat izoh berdi.

28-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi yashil hududli “Gospitalniy” bozori panjara bilan o‘rab qo‘yilgani, bu esa aholini xavotirga solgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Mirobod tumani hokimligi izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, to‘siqlarni o‘rnatish va olib borilayotgan ishlar hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning maqsadi bozor va unga tutash hududga zamonaviy ko‘rinish berish, shuningdek, aholi va tashrif buyuruvchilar uchun qulay, toza va xavfsiz piyodalar muhitini yaratishdan iborat.

Shu bilan birga, boshqarma mavjud daraxtlar kesilmasligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, yangi ko‘chatlar ekish va yashil hududlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Ishlar bir oy ichida yakunlanadi, bozor odatdagidek ishlashda davom etadi. Hokimlik aholi va tashrif buyuruvchilardan vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Bobur ko‘chasini obodonlashtirish paytida 145 ta daraxt noqonuniy kesilgan, ammo ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgandi. Poytaxt hokimligi archalarning bir qismi kasallanganini, mas’ullarning beparvoligi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.

Keyinroq Ekologiya vazirligi daraxtlar yirik miqdorda kesilgan joyda tekshiruv o‘tkazdi. Poytaxt hokimligi yo‘q qilingan o‘simliklar o‘rniga o‘n minglab yangi o‘simliklar ekilishini ma’lum qildi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun vazirlik bilan hamkorlikda ish olib borilishi ta’kidlandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная