Toshkentda ikki qavat qilib yengil avtomobillarni olib ketayotgan yuk mashinasi tunnelda qolib ketdi, deb xabar bermoqda poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 26-oktyabr kuni Olmazor tumanida sodir bo‘lgan. Yengil transport vositasini ikki qavat qilib olib ketayotgan Shacman rusumli yuk mashinasi haydovchisi tunnel balandligini noto‘g‘ri baholab, u yerga kirib ketgan va unda tiqilib qolgan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Avvalroq Toshkentdagi bekatda marshrutka va avtobus loyga botib qolgani haqida xabar berilgandi. Voqea joyiga maxsus texnika yetib kelgan va u jamoat transportini olib chiqishga urinayotganda ichidagi haydovchi bilan birga qulab tushgan.