Hodisa

Toshkentda yo‘lovchi avtobusi harakat vaqtida tutab ketdi

Haydovchi o‘z vaqtida o‘t o‘chirgichdan foydalangan va yong‘inning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan.

29-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yo‘lovchi avtobusi yonib ketgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 27 iyun kuni taxminan soat 11:00 larda Sergeli tumani «Choshtepa» metro bekati hududida 84-sonli yo‘nalishdagi Mercedes Benz Low Floor avtobusida sodir bo‘lgan. Harakat paytida dvigatelning pastki qismida tutun paydo bo‘ldi. Avtobus haydovchisi transportni to‘xtatib, o‘t o‘chirgichdan foydalandi.

Ma’lum qilinishicha, hodisaga sovitish tizimi shlangining teshilishi natijasida kompressorning yuqori bosimli havo quvuriga suv kirib, bug‘ hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan. Hozirda barcha nosozliklar bartaraf etilib, avtobus belgilangan yo‘nalish bo‘yicha yana soz holatda harakatlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida yengil avtomobil yo‘lovchi avtobusiga borib urilgandi. Baxtsiz hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная