Toshkentda yirik yong‘in sodir bo‘lgan sintepon ishlab chiqarish sexi rahbariga hukm o‘qildi
Yong‘in oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan.

Toshkentda yirik yong‘in sodir bo‘lgan sintepon ishlab chiqarish sexi boshlig‘iga hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan joydan uch nafar fuqaroning jasadi olib chiqilgan, yana biri shifoxonada vafot etgan. Sex egasi uchta jinoiy modda bo‘yicha sudlangan:
- 192-11-modda 2-qismining “a” bandi (Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkilotining mansabdor shaxslari tomonidan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish);
- 257-modda 2-qismining “a” va “b” bandlari (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa);
- 259-modda 2-qismining “a” va “b” bandlari (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa).
Erkak 1 yil-u 1 oy muddatga moliyaviy javobgarligi bo‘lgan rahbarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etildi. Shuningdek, unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Kompaniya rahbari hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati berdi. Sud arizani ko‘rib chiqish jarayonida.
Eslatib o‘tamiz, voqea 1-may kuni Toshkentda sodir bo‘lgandi. O‘shanda yong‘in o‘chirilganidan so‘ng, yong‘in joyi ko‘zdan kechirilganda ikki nafar fuqaroning jasadi topilgan. Shuningdek, 5 kishi tan jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan. Taxminlarga ko‘ra, yong‘inga ishlab chiqarish jarayonidagi nosozlik sabab bo‘lgan.
Izohlar