Toshkentda yigit hujjatlarini ko‘rsatish so‘ralgani uchun huquq-tartibot xodimlari bilan mojaroga kirishib qoldi
Yigit huquq-tartibot xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, qochishga uringan, biroq u qo‘lga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasida yuz bergan mojaro tasvirlari tarqaldi. IIBB matbuot xizmati holatga izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 16-avgust kuni Olmazor tumani “Qora qamish 1/3” mahallasida sodir bo‘lgan. Tungi navbatchilik vaqtida profilaktika inspektori va PPX inspektori Malibu avtomobili yonida turgan va undan tonirovka plyonkasini yechib olayotgan shubhali shaxslarni payqab qolgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari mashina kimga tegishli ekanligini bilish maqsadida uch nafar yosh fuqaroga yaqinlashib, ulardan hujjatlarni talab qilishgan. Biroq yigitlardan biri, 20 yoshli yigit bu talabga e’tibor bermay, mashina eshiklarini qulflab, tartib posbonlariga qarshilik ko‘rsatib, voqea joyini tark etishga uringan.
Yigit qochib qutula olmagan, huquq-tartibot idoralari xodimlari uni qo‘lga olgan, shundan so‘ng yigit tuman IIBga olib ketilgan. Tekshiruv davomida tartib posbonlari mashina qo‘lga olingan shaxsning akasiga tegishli ekanligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan fuqaroga nisbatan 194- (Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195- (Ichki ishlar organlari xodimlariga xizmat vazifalarini bajarishda qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tuman sudiga yuborilgan.
Avvalroq Toshkentda yoshlar bir necha shisha spirtli ichimlik uchun mushtlashgani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tartibbuzarlarni qo‘lga olib, bo‘limga kuzatib qo‘ydi.
Izohlar