Toshkentda The Tower Hotel`da fuqaroni kaltaklagan erkak uchta modda bo‘yicha sudlanmoqda
Sudlanuvchining advokatlari shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun yopiq sud jarayonini so‘rashdi.

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi The Tower Hotel mehmonxonasi yonida fuqaroni kaltaklagan erkakka nisbatan 3 ta modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Erkak Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 168-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari va 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda. Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqiladi.
2025-yil 4-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchining advokatlari sud jarayonida sudlanuvchining shaxsiy va oilaviy ma’lumotlari oshkor bo‘lishi mumkinligi hamda oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida va aybsizlik prezumpsiyasiga asosan sud jarayonini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma kiritgan.
Iltimosnoma raislik qiluvchi tomonidan qanoatlantirildi. Shu tariqa, sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi. Ma’lum qilinishicha, ish bo‘yicha adolatli va qonuniy sud qarori chiqarilishi ta’minlanadi.
Masala keng jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lgani uchun sud jarayoni yakunida OAVga qo‘shimcha ma’lumot beriladi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, voqea 16-mart kuni Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi The Tower Hotel mehmonxonasi yaqinida sodir bo‘lgandi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mojaro erkak o‘z dugonasini tashrif buyuruvchilardan biridan to‘smoqchi bo‘lganida boshlangan. Ular o‘rtasida og‘zaki janjal kelib chiqqan, janjalchi erkakning boshiga urgan, shundan so‘ng erkak yiqilib, boshi bilan polga urilgan.
Erkakka bosh miya jarohati, bosh suyagining sinishi, bosh miya shishi, miyaga qon quyilishi, chakka suyagining chiziqli sinishi, tepa suyagining sinishi tashxisi qo‘yilgan. Bosh suyagi shoshilinch trepanatsiya qilindi, shundan so‘ng u sun’iy komaga tushirildi.
Izohlar