Toshkentda qurilishda kran qulashi oqibatida ishchi halok bo‘ldi — video
Bunga uskunalarni o‘rnatishda texnik talablarga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

8-sentyabr kuni Toshkentdagi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish korxonasi qurilish obyektida kran ishchiga qulab tushdi. Bu haqda guvohlar NOVA24 botiga xabar berishdi. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hodisaga izoh berdi.
Aniqlanishicha, voqea taxminan soat 16:10 larda Chilonzor tumani, “Do‘mbirobod Siti” turar joy majmuasi hududida, Tirsakobod ko‘chasida minorali yuk ko‘tarish kranini o‘rnatish vaqtida sodir bo‘lgan. Kabinada bo‘lgan kran haydovchisi kuchli zarbadan halok bo‘ldi. Yana ikki ishchi kasalxonaga yotqizilgan.
Ma’lum qilinishicha, montaj ishlari jarayonida kranni o‘rnatuvchi tashkilot tomonidan texnik talablarga rioya qilinmagan. Kranning asosini ushlab turuvchi tayanch qismlari ishonchli mahkamlanmaganligi sababli, keyingi seksiyani o‘rnatish uchun ko‘chirishda kran yon tomonga qiyshaydi.
Natijada kranning ikkita mahkamlanmagan tayanch “oyoqlari” ko‘tarilib, kran qulab tushgan. Texnik tekshiruv uchun mutaxassislardan iborat komissiya tuzildi.
Minora krani qulab, odam o‘lgani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlar muayyan huquqdan mahrum qilinib, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Mavzuga doir: Qarshi shahridagi qurilishda sodir bo‘lgan favqulodda holat: temir to‘sin bolani bosib qoldi Qiz voqea joyida vafot etgan.
Izohlar