Hodisa

Toshkentda qurilish ishlari tufayli ayrim avtobuslarning yo‘nalishi o‘zgartirildi — xarita

Poytaxt aholisi va mehmonlaridan uzr so‘ralib, yo‘nalishlarni oldindan rejalashtirish so‘raldi.

Toshkentda qurilish ishlari tufayli chorraha vaqtincha yopildi va bir qator avtobuslar yo‘nalishi o‘zgartirildi, deb xabar bermoqda poytaxt Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bektemir tumanidagi Bektemir yo‘li va Katta halqa yo‘li ko‘chalari kesishmasi hududda olib borilayotgan qurilish ishlari sabab 21 sentyabrdan buyon vaqtincha yopilgan. Shu munosabat bilan mutaxassislar 39, 45, 68, 93, 110, 117, 128, 130-sonli avtobuslar yo‘nalishini o‘zgartirdi, ular endi chorraha atrofidagi vaqtinchalik aylanma yo‘laklar bo‘ylab harakatlanadi.

Shuningdek, ta’mirlash ishlari tufayli avtobuslarning oraliq intervallari va harakatlanish vaqti odatdagidan ko‘proq bo‘lishi, buning oqibatida tirbandliklar yuzaga kelishi mumkinligi haqida fuqarolar ogohlantirildi. Poytaxt aholisi va mehmonlaridan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ralib, yo‘nalishlarni oldindan rejalashtirish so‘raldi.

Avvalroq O‘zbekistonda pulli yo‘llar faqat bepul muqobil yo‘l mavjud bo‘lgandagina qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bunday yo‘llarda harakatlanish xarajatlari aholi va biznes manfaatlarini hisobga olgan holda baholanadi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная