8-yanvar kuni Toshkentda Onix haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida yuk mashinasiga urilgan, bir kishi halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda YHXX matbuot xizmati.
Hodisa soat 05:00 atrofida Mirzo Ulug‘bek tumani Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi ikkinchi darajali yo‘lda sodir bo‘lgan. Onix haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan GAZ-63 yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida Onix rusumli avtomobil yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda yuk mashinasi ikkita yengil avtomobil bilan to‘qnashib, ag‘darilgandi. YTH oqibatida yo‘lda tirbandlik yuzaga keldi.

























