Toshkentda “O‘zsuvta’minot”ning soxta xodimlari xonadonlarga kirishga urindi
Noma’lum shaxslar namuna olish bahonasida ichkariga kirmoqchi bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxslar o‘zlarini “O‘zsuvta’minot” xodimlari deb tanishtirib, xonadonlarni aylanib, xonadonlarga kirishga urinayotgani aks etgan lavhalar tarqaldi. “Toshkent shahar suv ta’minoti” holatga izoh berdi.
Jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, uyma-uy yurishni ikki nafar noma’lum fuqaro amalga oshirgan, ular o‘zlarini idora xodimlari deb tanishtirib, xonadonlarda qancha odam yashashi haqida ma’lumot to‘plagan. Shuningdek, ular go‘yoki “laboratoriyadan” ekanini aytib, noma’lum shaxslar xonadonlarga kirishga uringan. Ma’lum bo‘lishicha, bir holatda xonadon egasi va noma’lum shaxs o‘rtasida janjal kelib chiqqan.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” xodimlari vaziyatni o‘rganib, tekshiruv yakunlangach, videodagi fuqarolarning kompaniyaga hech qanday aloqasi yo‘qligi, nima sababdan xonadonlarga borgani noma’lumligini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, bunday holatlar Toshkent shahrining bir nechta tumanlarida, jumladan, Olmazor va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan.
Laboratoriya xodimlari uylarga o‘zboshimchalik bilan kelmaydi. Agar shunday holat yuzaga kelsa, laboratoriya xodimlari faqatgina iste’molchilarning murojaati asosida boradi va bu holatda ham hududiy inspektorlar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Ular xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, uy egalarining ruxsati bilangina suvdan namuna oladi va laboratoriya tahlillarini o‘tkazadi, — deyiladi xabarda.
Bunday holatlarning oldini olish va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kompaniya sodir bo‘lgan voqea haqidagi ma’lumotlarni huquq-tartibot idoralariga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida firibgarlar fuqarolarni mikroqarzlarni naqdlashtirish xizmatlari bilan aldagani haqida xabar berilgandi. Jinoyatchilar milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.
Izohlar