Toshkentda 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, AQSH prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat qilgan erkak jarimaga tortildi, deb yozadi UzNews sud qaroriga tayanib.

Voqea Bektemir tumanida sodir bo‘lgan. Ish materiallariga ko‘ra, mast erkak Toshkent shahar IIBBning 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, AQSH prezidenti Donald Trampga nisbatan arizani qabul qilishni so‘ragan. U Tramp Venesuela prezidentini o‘g‘irlab ketgani haqida shikoyat qilgan. Erkakdan yashash manzili so‘ralganda, u Oq uyda yashashini aytgan.

Uning xatti-harakatlari tartibbuzarlik deb topildi. Shuningdek, u IIB binosiga huquq-tartibot idoralari xodimlari talabi bilan tekshiruv uchun kelmagan. Sudda erkak o‘z aybiga iqror bo‘lib, mast bo‘lganini va 102 ga nima bilan murojaat qilganini eslay olmasligini aytdi. Shuningdek, u o‘z xatti-harakatlari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglamaganini aytdi.

Erkak ma’muriy javobgarlikning 199-moddasi (Ixtisoslashtirilgan xizmatlarni bila turib yolg‘on chaqirish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga BHMning 3 baravari (1,23 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Avvalroq AQSH Venesuela prezidenti va uning rafiqasini o‘g‘irlab ketgani xabar qilingandi. Donald Tramp Nikolas Maduro rejimiga qarshi harbiy operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi.