Hodisa

Toshkentda Lixian L9 haydovchisi tez yordam mashinasiga yo‘l bermadi — video

Erkak kichik jarima bilan qutuldi, agar u 15 kun ichida to‘lansa, jarima miqdori ikki baravar kamayadi.

Toshkentda Lixian L9 haydovchisi tez yordam mashinasiga yo‘l bermadi — video

31-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Lixian L9 avtomobili haydovchisi tez yordam mashinasiga yo‘l bermagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Jamoat xavfsizligi departamenti izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi sirena va ovoz kuchaytirgich yoqilganiga qaramay, maxsus transport vositasini o‘tkazmasdan harakatlanishda davom etgan. Tez yordam mashinasi uni o‘ng tomondan aylanib o‘tmoqchi bo‘lganida ham haydovchi bo‘sh kelmadi. Faqat keyinroq burilishni yoqib, yo‘lni bo‘shatdi.

Mazkur holat yuzasidan YHXB xodimlari tomonidan 128-modda 5-qismi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakatiga xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqib ketishi) bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.

Haydovchi 1 mln 875 ming so‘m jarimaga tortilishi mumkin. Agar 15 kun ichida to‘lansa, summa 50 foizga kamayadi — 937 ming so‘mgacha. Haydovchining o‘zi “sezmagani, e’tiborsizlik qilib yon bermagani”ni aytib, uzr so‘ragan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bunday yengil jazoni tanqid qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, Andijonda Equinox avtomobili tez yordam mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. To‘qnashuvdan keyin haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi Damas`ga borib urilgan.

Izohlar

Mavzuga oid