Toshkentda ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan YTHda aybdor bo‘lgan Cobalt haydovchisiga hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

1998 yilda tug‘ilgan Cobalt haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. Halokat vaqtida mashinada 2001 va 2008-yilda tug‘ilgan yo‘lovchilar bo‘lgan. Ulardan biri voqea joyida, ikkinchisi bir necha kundan keyin shifoxonada vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi taxminan 80-90 km/soat tezlikda harakatlanib, telefonga chalg‘igan.

Sud majlisida sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lib, qilmishiga pushaymon bo‘ldi va marhumlarning yaqinlaridan kechirim so‘radi. Ma’lum qilinishicha, marhum yigit va qiz unashtirilgan va to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan. Haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topilgan.

Erkak 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 8-yilga manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, sud mahkumdan yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun 51 million 162 ming 400 so‘m, shuningdek, da’vogar foydasiga 800 ming so‘m sud xarajatlarini undirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Onix haydovchisi yuk mashinasi bilan halokatli YTHga uchragandi. Yengil avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan, uning yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.