Hodisa

Toshkentda haydovchilar yo‘lni bo‘lisholmay, mushtlashib ketdi — video

Mojaro oqibatida homilador yo‘lovchi farzandini yo‘qotgan.

21-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ikki haydovchi yo‘lni bo‘lishmagani va janjal oqibatida homilador ayol farzandini yo‘qotgani aks etgan video tarqaldi. IIBB hodisaga izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 19-mart kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasida Lacetti va BYD avtomobillari haydovchilari o‘rtasida sodir bo‘lgan. Lacetti haydovchisi o‘ng qatorga o‘tgan, BYD haydovchisi esa signal berib, uning harakatlanishiga to‘sqinlik qila boshlagan.

O‘shanda BYD haydovchisi otasi bilan birga Lacetti haydovchisiga hujum qilgan. Ular avtomobil oynasini sindirib, erkakni haqorat qilishgan. Shuningdek, uning homilador turmush o‘rtog‘iga ham jismoniy kuch ishlatishgan, natijada u farzandini yo‘qotgan. Barcha aybdorlar qo‘lga olindi. Bola o‘limining aniq sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ekspertiza xulosasidan so‘ng, ishning kvalifikatsiyasi qayta ko‘rib chiqilishi va kuchaytirilishi mumkin. Hozircha ushbu modda bo‘yicha aybdorlar uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatida KIA haydovchisi ta’mirlash ishlari tufayli yo‘lni to‘sib qo‘ygan ishchilarni urib yuborgandi. Erkak o‘z yo‘lovchisining juda shoshayotganini aytdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная