Toshkentda fuqaroga millionlab dollar kredit va’da qilgan firibgarlar ushlandi
Ayblanuvchilardan biri ilgari sudlangan bo‘lib chiqdi.

Toshkent va Toshkent viloyatida 3 mln dollar kredit rasmiylashtirib berishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.
Huquq-tartibot idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ayolni qo‘lga olgan. U savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniya rahbari sifatida Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, nufuzli tanishlari yordamida banklardan birida 3 mln dollar miqdorida kredit rasmiylashtirib berishini va’da qilgan.
Buning evaziga u kredit summasining 33 foizini, ya’ni 990 ming dollarni talab qilgan. Ayol oldindan 150 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Shuningdek, operatsiya davomida ushbu noqonuniy bitimning asosiy tashkilotchisi — o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan va kredit ajratishni va’da qilgan 1983-yilda tug‘ilgan urganchlik fuqaro qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-28-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular hibsga olingan, ayblanuvchilar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda firibgarlar past foizli avtomobil va’da qilib, pul bilan g‘oyib bo‘lishgandi. Yuzlab fuqarolar jabrlangan, yetkazilgan zarar 50 milliard so‘mdan ortiq deb baholanmoqda.
Izohlar