Toshkentda firibgarlar AQSH va Yaponiya fuqarolarini jo‘natishga va’da berdi
Tartib posbonlari huquqbuzarlarni pul olayotganda qo‘lga olishdi.

Toshkentda fuqarolarni AQSH va Yaponiyaga jo‘natishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida o‘tkazilgan reyd davomida AQSHdagi qarindoshi bilan til biriktirib, ikki fuqaroga Meksika va Yevropa davlatlari orqali AQSHga borish uchun viza rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxs ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Tartib posbonlari uni 22,5 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olishgan.
Bektemir tumanida ham huquq-tartibot idoralari xodimlari ikki fuqaroning Yaponiyaga ishga joylashishiga yordam berishni va’da qilgan shaxsni aniqladi. Tartib posbonlari uni 2 ming dollar olgan vaqtida ham qo‘lga olishgan. Barcha holatlar yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda uchta kompaniya xorijda ishga joylashish uchun pul olib, g‘oyib bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Migratsiya agentligi qanday qilib aldanib qolmaslik kerakligini tushuntirgan.
Izohlar