Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari qarzini qalbaki xorijiy valyuta kupyuralari bilan qaytarmoqchi bo‘lgan fuqaroni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Yangihayot tumanida sodir bo‘lgan. Muqaddam sudlangan fuqaro o‘z tanishi ishonchiga kirib, undan 4 tonna pomidor yetkazib berish bahonasida 4 ming dollar olgan, biroq olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Tanishi gumonlanuvchidan qarzni qaytarishni talab qilganda, erkak unga 100 dollarlik 40 dona qalbaki banknota bergan. Natijada tartib posbonlari erkakni qo‘lga olib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 168-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda qalbaki dollar sotayotgan ikki qalbaki pul yasovchi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot idoralari tergov olib bormoqda.




















