Toshkentda daraxtlarning ommaviy kesilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Bu haqda ko‘rsatma bergani aytilayotgan hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘zi “chetda qoldi”.

8-noyabr kuni Bosh prokuratura Toshkentda daraxtlar yirik miqdorda noqonuniy kesilgani ortidan obodonlashtirish xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, deya xabar berdi Ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayev.
Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, ish 198-moddaning 2-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlar BHMning 300 baravari (123,6 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilib, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Qizig‘i, daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, “tanka”si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik, — deb yozdi Kusherbayev.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Bobur ko‘chasini obodonlashtirish paytida 145 ta daraxt noqonuniy kesilgan, ammo ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgandi. Poytaxt hokimligi archalarning bir qismi kasallanganini, mas’ullarning beparvoligi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, jami 174 tup daraxt va butalar kesib tashlangan. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘mni tashkil etgan. Poytaxt hokimligi yo‘q qilingan o‘simliklar o‘rniga o‘n minglab yangi o‘simliklar ekilishini ma’lum qildi.
Izohlar