Hodisa

Toshkent viloyatining ayrim aholisi YTH tufayli vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldi

Avariya oqibatida birdaniga ikkita liniya uzilib qoldi.

1-avgust kuni Toshkent viloyatida yo‘l-transport hodisasi tufayli ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan uzildi, deya xabar bermoqda “Milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uzatish liniyasi tayanchiga yuk mashinasi kelib urilgan. Natijada GES-27 energobektidan chiquvchi 110 kVli “L-Chorbog‘-1” va “L-Chorbog‘-2” elektr uzatish tarmoqlari vaqtincha o‘chgan.

Ayni paytda mazkur liniyadan elektr energiyasi bilan ta’minlanayotgan aholida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Qayd etilishicha, u turar-joy binolari, ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, bolalar sog‘lomlashtirish majmualari va dor yo‘liga ta’sir ko‘rsatgan.

Mutaxassislar YTH oqibatlarini bartaraf etib, mahalliy aholining elektr ta’minotini tiklash choralarini ko‘rmoqda. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raldi.

Avvalroq Toshkent YTHlarning oldini olish uchun yo‘llarni to‘sib qo‘yishga milliardlab so‘m sarflashi haqida xabar berilgandi. Poytaxtda ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joylari ham o‘rnatiladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная