Toshkent viloyatida zaharlangan bolalar soni qariyb ikki ming nafarga yetdi
Zaharlanish holatlari qayd etilgan tumanlar soni yettitaga yetdi.

Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarida ommaviy zaharlanish yana ikkita tumanga ta’sir ko‘rsatdi, buning oqibatida jabrlangan bolalarning umumiy soni 1940 nafarga yetdi, deb yozadi “Daryo”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday ko‘rsatkich 26 sentyabr kuni soat 10:00 ga qadar qayd etilishiga erishilgan. Qayd etilishicha, ayni paytda Oqqo‘rg‘on tumanidagi shifoxonalarga ovqatdan zaharlanish bo‘yicha 413 nafar bola, Bo‘ka tumanida 537 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, Piskent tumanida yana 430 nafar tarbiyalanuvchi, Quyi Chirchiq tumanida 64 nafar, Bekobod tumanida 98 nafar, Olmaliq tumanida 285 nafar va Nurafshon tumanida 113 nafar bola murojaat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq to‘rtta tumanda 109 nafar bola MMTB kuzatuvi ostida bo‘lgan. 25-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova va vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mas’ullar bilan birgalikda bog‘cha va oshxonalardagi sharoitlar ko‘zdan kechirilib, bog‘cha rahbarlari va tarbiyachilari bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Avvalroq 24-sentyabr kuni davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanish bilan shifokorlarga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi. Bolalar tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va ich ketishidan shikoyat qilishgan. Mutaxassislar maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilgan barcha oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olishdi. Zaharlanish Oqqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarilgan sifatsiz 3,2% yog‘li kefir tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan 25 sentyabr kuni viloyat IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlarga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Bolalar ombudsmani vaziyatni kuzatishda davom etadi.
Izohlar