Toshkent viloyatida yuk mashinasi gaz quvuriga borib urildi
Yuzlab aholi ta’minotsiz qoldi.

Toshkent viloyatida yuk mashinasi gaz quvuriga urilishi oqibatida ayrim mahalliy aholi vaqtincha gazsiz qoldi, deb xabar bermoqda “Hududgazta’minot” axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Bekobod tumanida sodir bo‘lgan. YTH oqibatida “Yangiovul” gaz konida gaz sizib chiqdi. Qayd etilishicha, yuk mashinasi o‘rta bosimli gaz quvuriga borib urilgan, shu sababli tumandagi 600 nafar aholi va 5 ta ulgurji iste’molchining gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda tuman gaz ta’minoti boshqarmasi avariya brigadasi mutaxassislari tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ta’mirlash ishlari yakunlangach, gaz ta’minoti qayta tiklanishi rejalashtirilgan, bu haqda iste’molchilar oldindan ogohlantiriladi.
Avvalroq Samarqandda ko‘p qavatli uylardan birida kompaniya tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tashkilot 3,5 milliard so‘m zarar yetkazgan.
Izohlar