Toshkent viloyatida yo‘qolgan qiz GES qudug‘idan o‘lik holda topildi
Marhumaning tanasida hech qanday jarohat aniqlanmagan.

Toshkent viloyatida chiqindi yig‘ish qudug‘idan ilgari bedarak yo‘qolgan 24 yoshli talaba qizning jasadi topildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qizning yo‘qolgani haqidagi ma’lumot 10-may kuni tarqalgan. Qibray tumani “Botanika” mahallasida yashovchi 24 yoshli ayol uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. 2 iyun kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sohibkor mahallasida joylashgan 11-sonli GESning chiqindi yig‘ish qudug‘idan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan muqaddam bedarak yo‘qolgan talaba qizning jasadi topilgan.
Tartib posbonlari qizning jasadini sud-tibbiy ekspertizasiga yuborgan. Aniqlanishicha, talabaning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarining suv bilan tiqilib qolishi oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan. Qizning tanasida tan jarohatlari alomatlari mutaxassislar tomonidan qayd etilmagan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida kanaldan ayol kishining jasadi topilgani haqida xabar berilgandi. Qutqaruvchilar yo‘qolgan ayolni besh kun davomida izlagan.
Izohlar