Toshkent viloyatida yashovchi shaxs uyida Amur yo‘lbarsi va pitonlarni saqlagani aniqlandi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari jonivorlarni musodara qilib, hayvonot bog‘iga jo‘natishdi.

Toshkent viloyatida mahalliy fuqaro Amur yo‘lbarsi bolasi va pitonlarni uyida saqlagan, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu haqda tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Bosh prokuratura, viloyat IIB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydlarda ma’lum bo‘lgan.
Xususan, huquq-tartibot idoralari xodimlari Toshkent tumanidagi mahallalardan birida yashovchi erkak uyida Amur yo‘lbarsi bolasi va 7 ta piton saqlaganini aniqladi.
Tartib posbonlari hayvonlarni olib, Toshkent hayvonot bog‘iga topshirdi. Bosh prokuratura hodisa tafsilotlarini o‘rganishni boshladi.
Avvalroq Toshkentda parranda bozoridan mingdan ortiq jonivor olib chiqilgani haqida xabar berilgandi. Hayvonlar yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi, ba’zilari esa shifokorlarga ko‘rikdan o‘tish uchun yuborilgan.
Izohlar