Toshkent viloyatida pensioner o‘quvchiga mashina haydashni o‘rgatish uchun unga “Jiguli” berib qo‘ydi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari ma’muriy bayonnoma tuzib, mashinani jarima maydoniga jo‘natishgan.

Toshkent viloyatida huquq-tartibot xodimlari 14 yoshli o‘smirni “Jiguli” avtomobilini boshqarayotganini aniqlashgan, deb xabar bermoqda viloyat YHXB matbuot xizmati.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil o‘smirning bobosiga tegishli bo‘lgan. Nafaqaxo‘r nabirasiga haydashni o‘rgatish maqsadida rulga o‘tirishiga ruxsat bergan.
Huquq-tartibot xodimlari ma’muriy bayonnoma tuzib, mashinani jarima maydoniga jo‘natishgan. Shuningdek, YHXB xodimlari nafaqaxo‘r va o‘smir bilan profilaktik suhbat o‘tkazishgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda avtomobillarni o‘smirlarga noqonuniy ijaraga berish holatlari tashvish uyg‘otmoqda. “Adolat” partiyasi deputati Dilmurod Ismoilov Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi rahbarlariga deputatlik so‘rovini yo‘llagan.
Avval xabar berilganidek, O‘zbekistonda bolalarni mashina haydashga qo‘yib berganligi uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Prezident maktab o‘quvchilarining avtomashinalarni ijaraga olib, ko‘pincha o‘limga olib keladigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘layotgani muammosiga e’tibor qaratdi.
Izohlar