Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida mahkum koloniyadan qochib ketib, bolani zo‘rlagani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB hodisaga izoh berdi, biroq qizning ahvoli haqida ma’lumot bermadi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 16-oktyabr kuni Ohangaron tumanida sodir bo‘lgan. 31-yoshli mahkum 50-sonli manzil-koloniyasidan mehnat faoliyati davomida qochib ketib, 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlagan, shundan so‘ng mahalliy aholi tomonidan dalada ushlangan.

U 2018-yilda Jinoyat kodeksining 118-moddasi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) 4-qismi bilan 16 yilga, 2033-yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan. Sudning 2024-yil avgustdagi qarori bilan u qolgan 9 yil 2 oy 19 kunlik jazo muddatini o‘tash uchun manzil koloniyasiga o‘tkazilgan.

IIBB xabariga ko‘ra, mazkur shaxsga nisbatan voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etgan qilmishlari uchun Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi bilan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U qo‘lga olinib, hibsga olindi. Qizning ahvoli haqida hech narsa ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday holat Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida ham sodir bo‘lgandi. 38 yoshli erkak tog‘asining to‘yiga kelgan, u yerda uy egasining yetti yoshli nabirasi ham bo‘lgan. Gumonlanuvchi aldov yo‘li bilan bolani chetga olib chiqib, unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan. Ma’lum bo‘lishicha, u muddatidan oldin ozod qilingan.

Ayni paytda jabrlangan qizaloq jonlantirish bo‘limida yotibdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining aniqlashicha, qo‘lga olingan shaxs avval ham ikki marta shunga o‘xshash jinoyatlar, jumladan, nomusga tegish va jinsiy zo‘ravonlik uchun qamoq jazosini o‘tagan.