Toshkent viloyatida erkak homilador xotinini o‘ldirib, jasadini kanalga tashlab yubordi
Jinoyatchiga 18 yil qamoq jazosi tayinlandi.

Toshkent viloyatida homilador xotinini o‘ldirib, jasadini kanalga tashlagan erkakka hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati NOVA24`ga xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2024-yilning 10-dekabr kuni sodir bo‘lgan. Haydovchi bo‘lib ishlovchi 28 yoshli erkak turmush o‘rtog‘i ishlaydigan oilaviy poliklinikaga kelgan. Gumonlanuvchi navbatdagi janjaldan so‘ng ota-onasinikiga ketib qolgan rafiqasi bilan gaplashmoqchi bo‘lgan.
Erkak xotinini ishdan olib, Nexia avtomobiliga o‘tqazib, Yangiyo‘l tumani Baytish mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Salar kanali tomon yo‘l olgan.
Gumonlanuvchi ko‘prik o‘rtasida to‘xtab, oshxona pichog‘i bilan xotinining chap ko‘krak qafasiga zarba bergan. Oqibatda ayol tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Shundan so‘ng erkak uning jasadini mashinadan chiqarib, kanalga tashlab yuborgan va voqea joyidan yashiringan.
Sudda erkak o‘z aybiga iqror bo‘lib, sevishib uylangani va tez-tez janjallashib turganiga qaramay, turmush o‘rtog‘i bilan yarashib, uni uyiga qaytarmoqchi bo‘lganini aytdi.
“Ayolim bilan 2021-yilda sevishib turmush qurganmiz. O‘g‘limiz bor. U Yangiyo‘l tumanidagi oilaviy poliklinikada ishlagan. 2023-yilda savdo-sotiq bilan shug‘ullanish uchun Turkiyaga borgan. Shundan so‘ng uning xulq-atvori o‘zgardi, tez-tez janjallar boshlandi. U mendan yashirib, boshqalardan qarz olgan. Munosabatlar taranglashdi. 2024-yil may oyidan boshlab biz boshqa birga yashamadik. Ammo bizda umumiy farzand bor edi va men yarashmoqchi edim. Shuning uchun uning oldiga borib, hol-ahvol so‘raganman”, — deydi huquqbuzar.
Marhumaning yaqinlari ayolning homilador bo‘lganini aytib, suddan ikki kishini o‘ldirgan erkakka umrbod qamoq jazosini tayinlashni talab qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi erkakni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «b» bandi (Homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni qasddan o‘ldirish) bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Avvalroq Namanganda erkak o‘z xotinini do‘konda o‘ldirib qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Janjal paytida gumonlanuvchi peshtaxtadagi pichoqni olib, turmush o‘rtog‘ini urgan.
Izohlar