Hodisa

Toshkent viloyatida DXX xodimlari giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi oilaviy UJGni fosh qildi

Jinoyatchilar taqiqlangan moddalar aylanmasiga o‘z farzandlarini ham jalb qilgan.

Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 10 kilogrammdan ortiq marixuana, gashish va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bir oila giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan. Xonadonlar tintuv qilinganda 9 kg marixuana, bir tup nasha, pnevmatik va sovuq qurollar, patronlar, gilzalar va to‘qmoq topilgan. Ilgari ham erkaklar giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.

Ular 22 yoshli o‘g‘illarini ham jinoyatga jalb qilgan. Ularning sherigining uyidan nasha o‘ramlari va chekish anjomlari topilgan. Barcha buyumlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Qo‘lga olinganlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkentning Yunusobod tumanida Cobalt haydovchisidan qariyb bir kilogramm gashish moddasi topildi. Uning sherigidan yana 2 kg atrofida topilgan, erkaklar qo‘lga olingan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Farg‘ona viloyatida 69 yoshli erkakdan Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar bilan olib kelingan 6,8 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi Zardex tabletkasi musodara qilindi. Partiya qiymati 400 million so‘mdan ortiq baholanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ellik nafar talaba giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat ustida qo‘lga tushgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 2025-yil boshidan buyon 2024-yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘p shunday jinoyatlar aniqlangan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная