24 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlangani haqida xabar tarqaldi. Viloyat MMTB hodisa yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqealar Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir nechta bog‘chalarda sodir bo‘lgan. Bolalar oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlangan. Ular shifoxonaga yotqizilgan, bolalarning salomatligi to‘liq tibbiy nazoratga olingan. Og‘ir holatlar qayd etilmagan. Ma’lum qilinishicha, o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar vaziyatning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymagan.
Tergov boshlandi. Autsorsing asosida yetkazib berilgan barcha oziq-ovqat mahsulotlari namunalari olinib, sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi. Laboratoriya tahlillari natijalari belgilangan tartibda e’lon qilinadi va jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida maktab o‘quvchilari ommaviy ravishda suvdan zaharlangandi. Shifoxonaga asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yotqizilgan, viloyat MMTB ishni nazoratga olgan.




















