Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Parkentda chaqaloq o‘limi yuzasidan izoh berdi
Sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Parkentda 9 oylik chaqaloq vafot etganiga izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 26-iyul kuni sodir bo‘lgan. Soat 17:45 da shifoxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limiga 2024-yil 21-oktyabrda tug‘ilgan qiz yuqori isitma bilan olib kelingan. Bolani shifokor ko‘rikdan o‘tkazdi va davolashni buyurdi. Onasining so‘zlariga ko‘ra, dorixonaga borganida bolaning og‘zi va burnidan qusish boshlangan.
Shundan so‘ng chaqaloq yana shifokorga olib kelinib, unga qo‘shimcha muolajalar buyurilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bolaning ahvoli og‘irlashib, soat 20:50 da reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. U yerda reanimatolog o‘tkir respirator infeksiya, ikki tomonlama pnevmoniya, gipertermiya, miya shishi va neyrotoksikoz tashxislarini qo‘ydi.
Barcha standart shoshilinch tibbiy choralar ko‘rilgan, biroq 27-iyul kuni soat 04:10 da biologik o‘lim holati qayd etilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi,» deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 9 oylik qizchaning o‘limi haqida “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi raisi Zarif Mirzahmedov ma’lum qilgandi. Ma’lum qilinishicha, prokuratura holat yuzasidan tergov boshlagan. Ota-onalarning fikricha, bu shifokorning xatosi va muammoga kech munosabatda bo‘lish oqibatida bola bir necha soatdan keyin vafot etgan.
Izohlar