Hodisa

Toshkent aeroportida odam savdosida gumonlanuvchi ayol qo‘lga olindi

U yosh qizga Turkiyada yuqori maoshli ish va’da qilib, u bilan birga chet elga ketishga harakat qilgan.

Toshkent aeroportida odam savdosida gumonlanuvchi ayol qo‘lga olindi

Toshkent aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari odam savdosida gumonlangan ayolni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda IIBB matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzar ijtimoiy tarmoqlar orqali yosh qiz bilan tanishib, uning ishonchiga kirgan, shundan so‘ng unga Turkiyada yuqori maoshli ish va’da qilgan. Ayolning o‘zi so‘nggi 5 yil davomida u yerda yashagan va 20 kun oldin O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Qayd etilishicha, tartib posbonlari o‘zbekistonlik ayolni ro‘yxatga olish peshtaxtasi yonida qo‘lga olgan, shundan so‘ng gumonlanuvchining pasporti va Istanbulga uchish aviachiptasi olib qo‘yilgan. Ayol jabrlanuvchini Turkiyaga olib borib, shaharni ko‘rsatmoqchi bo‘lganini aytdi. Shuningdek, gumonlanuvchi qilmishidan pushaymon bo‘lib, uzr so‘ragan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada odam savdosi bilan shug‘ullangan ayol qamalgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ayblanuvchi Turkiyada yashab, O‘zbekiston fuqarolarini fohishalik bilan shug‘ullanish uchun o‘ziga og‘dirib olgan, ularga uy va birinchi “mijozlar” topib berishni va’da qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid