Surxondaryo viloyatida Ekologiya boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilib, bir nechta brakonerlar qo‘lga olindi, deb xabar beradi viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.
Termiz tumani Orol mahallasi hududida o‘tkazilgan tekshiruv davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari chegara hududida ikki nafar fuqaroni aniqladi. Ular ov qoidalarini buzib, o‘zlariga tegishli bo‘lgan ov qurollaridan foydalanib, to‘rtta yovvoyi g‘ozni noqonuniy ravishda otib o‘ldirishgan.
Ularning har biriga 8 mln 240 ming so‘mdan, jami 16 mln 480 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima belgilandi. Bundan tashqari, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 3 mln 296 ming so‘mga baholangan.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroda Milliy ekologiya qo‘mitasi xodimlari brakonyerlarni ovlagandi. Qoidabuzarlar 117 bosh o‘rdak va qashqaldoqlarni noqonuniy ushlab olishga ulgurgan.
























