Tarbiyachi bolalarni urib, haqorat qilgan bog‘cha faoliyati noqonuniy bo‘lib chiqdi
Tarbiyachi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qat’iy ogohlantirish berilgan, ish huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

Tarbiyachi bolalarni urib, baqirib, haqorat qilgan bog‘cha noqonuniy bo‘lib chiqdi, deb xabar bermoqda viloyat MTMB matbuot xizmati.
Bolalar ombudsmani, Ichki ishlar vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi hodisani nazoratga olib, tekshiruv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea Namangan tumani “Eshobod” mahallasidagi bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari muassasaning ijaraga olingan noturar joyda litsenziyasiz va davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy faoliyat yuritganini aniqladi.
Tarbiyachi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qat’iy ogohlantirish berildi. Shuningdek, bolalarga nisbatan bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. 44 nafar bola ta’lim olgan muassasa faoliyati to‘xtatilgan. Hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, voqea Namangan viloyatidagi xususiy bog‘chalardan biri — “3-RENESSANS AVLODLARI”da sodir bo‘lgandi. Kadrlarda ayolning bolalarga baqirgani, haqorat qilgani, urgani va qo‘pol munosabatda bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Izohlar