Surxondaryoda “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob tog‘ qo‘yi vahshiylarcha o‘ldirildi
Ekopartiya vakolatli organlarni jinoyatga aloqador barcha shaxslarni qat’iy jazolashga chaqirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Chosh mahallasida noyob hayvon — “Qizil kitob”ga kiritilgan Tyan-Shan tog‘ qo‘yi so‘yilayotgani aks etgan video tarqaldi.
Ekologik partiya bu borada keskin pozitsiya bildirib, bunday harakatlar nafaqat qonunbuzarlik, balki bioxilma-xillikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba ekanini ta’kidladi.
“Aslida bunday qonli holatlarni tasvirga olib, tarqatishning o‘zi noto‘g‘ri. Umuman yo‘qolib ketish xavfi ostidagi jonivor bilan bunday holatga yo‘l qo‘yish esa ikki karra jinoyatdir”, — deyiladi xabarda.
Qonunchilikning qat’iylashtirilishi va noyob turlarni saqlab qolish muhimligi doimiy ravishda eslatib turilishiga qaramay, brakonerlik va yovvoyi tabiatga zarar yetkazish holatlari davom etmoqda.
Ekopartiya vakolatli organlarni ushbu jinoyatga aloqador har bir shaxsni – ijrochilarni ham, bunday kontentni tarqatuvchilarni ham qat’iy jazolashga chaqirdi.
Izohlar