Hodisa

Surxondaryoda ko‘mir tarqatish vaqtida aholi janjal ko‘tardi

Rasmiylarga ko‘ra, janjalga ayrim fuqarolarning harakatlari sabab bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida imtiyozli narxda ko‘mir tarqatish jarayoni aks etgan lavhalar paydo bo‘ldi. Tuman hokimligi holat yuzasidan izoh berdi.

Hodisa 8-oktyabr kuni Boshrabot mahallasidagi ko‘mir omborida sodir bo‘lgan. Mahalliy aholiga kuz-qish mavsumida tarqatish uchun 278 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Mahallalarning telegram guruhlarida hamyonbop narxlarda sotish bo‘yicha e’lonlar joylashtirildi.

Navbatsiz o‘tishga uringan ayrim fuqarolar tufayli janjal boshlandi. Yaqin atrofda bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlari vaziyatni hal qilishdi, shundan so‘ng ko‘mir tarqatish ishlari tartibga keltirildi. Rasmiylar bundan keyin ko‘mir qat’iy jadval asosida va huquq-tartibot idoralari nazorati ostida tarqatilishini ma’lum qildi. Uzoq va tog‘li hududlar aholisiga ustuvorlik beriladi.

2025-2026-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Boysun tumaniga jami 3 ming tonnadan ortiq ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar aholi 1,3 ming tonnani qabul qilib oldi. Qolgan hajmni, zarur hollarda esa qo‘shimcha partiyalarni o‘z vaqtida taqsimlash uchun tegishli choralar ko‘rildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная