Surxondaryoda 15 yoshli maktab o‘quvchisining nikoh marosimini o‘tkazgan erkakka nisbatan ish ochildi
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari qizning 28 yoshli turmush o‘rtog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atgan.

Surxondaryoda voyaga yetmagan qiz va 28 yoshli yigit o‘rtasida nikoh o‘qitishga rozi bo‘lgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari 2025-yil 8-iyul kuni Denov tumani “Ozod” mahallasida sodir bo‘lgan voqea tafsilotlarini aniqladi. Xususan, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan aniqlanishicha, 68 yoshli mahalliy fuqaro 15 yoshli nabirasiga to‘y marosimini uyushtirgan. Kuyov esa 28 yoshli erkak bo‘lib chiqdi.
O‘shanda mahalla vakillari ijtimoiy xodimlar bilan birgalikda voyaga yetmagan o‘quvchi qizni turmushga berishga urinish holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan va oilaga rasmiy ogohlantirish berilgan. Biroq 10-avgust kuni nikoh bo‘lib o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Qiz voyaga yetmaganligi sababli nikohni rasmiylashtirishning imkoni bo‘lmagan, biroq 75 yoshli fuqaro oila uchun moddiy rag‘bat evaziga diniy nikoh marosimini o‘tkazishga rozi bo‘lgan.
Natijada huquq-tartibot idoralari tomonidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi (Nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibini buzish), qizning turmush o‘rtog‘iga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda maktab o‘qituvchisi voyaga yetmagan o‘quvchi qizga uylanmoqchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Qizning oldiga sovchi jo‘natayotgan erkak uni ko‘chada do‘sti bilan ko‘rib qolib, telefonini tortib olib, mashinaga o‘tqazib qo‘ygan.
Izohlar