Hodisa

Sirdaryoda talon-toroj va noqonuniy yer taqsimoti bilan shug‘ullangan sobiq tuman hokimi qamaldi

Sobiq amaldor qamoqdan qaytgach, bir necha yildan so‘ng davlat idoralarida ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Sirdaryoda talon-toroj va noqonuniy yer taqsimoti bilan shug‘ullangan sobiq tuman hokimi qamaldi

Sirdaryo viloyatida davlatga katta miqdorda zarar yetkazganlikda ayblangan sobiq hokim Uchqun Kamolovga sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz sud hujjatlariga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, amaldor 2023-yil 18-sentyabr kuni hibsga olingan. Faoliyati davomida u bir vaqtning o‘zida Xovos tumani hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini taqsimlash masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya raisi va shu tuman hokimi lavozimlarida ishlagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari hamda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘i bilan til biriktirib, jinoyatga qo‘l urgan.

Xususan, Uchqun Kamolov 144 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini baliqchilik, qum-shag‘al aralashmasini qazib olish va bog‘dorchilik uchun tadbirkorlarga noqonuniy ravishda berib, davlatga 8 mlrd 856 mln so‘m zarar yetkazgan. Shuningdek, mansabdor o‘z majburiyatlarini qasddan bajarmagani oqibatida uchta holatda tadbirkorlarga avval ajratilgan yer maydonlarining unumdor tuproq qatlami olib tashlanib, davlatga 6 mlrd 352 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Natijada 2024-yil 25-mart kuni Sardoba tuman sudi erkakni 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-modda (Mansab soxtakorligi) va 208-modda (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan aybdor deb topib, 181 million 500 ming so‘m jarima va 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Bundan tashqari, erkakning tergov izolyatorida o‘tkazgan 6 oy va 7 kunini hisobga olgan holda, unga solingan jarima miqdori 150 million 645 ming so‘mgacha kamaytirildi.

Uning sheriklari ham Oqoltin tumani sudi qarori bilan sudlangan. Biroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudining sudlov hay’ati 2025-yil 9-yanvarda birinchi instansiya hukmini bekor qilib, yangi hukm chiqardi, unga ko‘ra erkakka 3 yil 5 oy 23 kun ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 99 million so‘m jarima va 3 yil muddatga davlat organlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 2025-yil 30-may kuni ushbu sudning nazorat instansiyasi ushbu hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Avvalroq senator Abdurahim Erkayev mamlakatdagi odil sudlov muammolarini ko‘tarib chiqqani va O‘zbekiston Afrikaning ayrim davlatlaridan ham ortda qolayotganini ta’kidlagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, senator fuqarolarda adolat tuyg‘usi yo‘qolganini aytgan.

Izohlar

Mavzuga oid