Hodisa

Sirdaryoda ikki o‘g‘ri huquq-tartibot xodimining bo‘yniga pichoq sanchib, YPX xodimini urib ketdi

Yigitlar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Фото: Kun

Sirdaryo viloyatida ikki nafar 18 yoshli yigit ikki marta avtomobillarni olib qochib, huquq-tartibot xodimining bo‘yniga pichoq bilan jarohat yetkazgan va YPX xodimini bosib ketgan, deb xabar bermoqda Kun.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2-avgust kuni sodir bo‘lgan. 2007-yilda tug‘ilgan ikki yigit Samarqanddan Namangan viloyatiga yo‘l olish uchun Cobalt avtomobiliga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan. Sirdaryo viloyati hududida haydovchi hojatxonaga borganida, yigitlar avtomobilni olib qochgan.

Shu kuni soat 03:15 da Sirdaryo viloyati IIB “102” xizmatiga Oqoltin tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida noma’lum shaxslar Cobalt rusumli avtomashinani olib qochgani haqida xabar kelib tushgan. Shu asosda qo‘lga olish rejasi keltirildi. Barcha YPX inspektorlari, ularning post va blokpostlari xabardor qilinib, kuzatuv kameralari orqali o‘g‘irlangan avtomobilning harakatlanish yo‘nalishini aniqlash ishlari boshlab yuborilgan.

Biroq jinoyatchilar avtomobildan davlat raqamini yechib olishgan. Sayxunobod tumanidagi Bek blok postida YPX xodimi soat 04:24 da oq rangli raqamsiz Cobalt avtomobilini to‘xtatib, hujjatlarni so‘ragan. Haydovchi hujjatlarni taqdim etgan, biroq keyin yopiq harakatlanish bo‘lagidan foydalanib, noma’lum yo‘nalishda g‘oyib bo‘lgan.

O‘g‘irlangan avtomobil Toshkent viloyatining Bekobod tumanida harakatlanayotganda, mahalliy IIB xodimlari uni payqab qolishgan. Ulardan biri jinoyatchilarni qo‘lga olishga urinib, bo‘yniga pichoq sanchgan. Shundan so‘ng, gumonlanuvchilar o‘g‘irlangan Cobalt’ni tashlab, uning Matiz’ida qochib ketgan.

Keyinroq ular Toshkent viloyatining Ohangaron tumani bo‘ylab harakatlanayotganda YPX xodimi ularga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq, jinoyatchilar talabni e’tiborsiz qoldirib, inspektorni mashina bilan urib yuborgan — u oyoqlaridan jarohat olgan holda kasalxonaga yotqizilgan. Gumonlanuvchilar Ohangaronda qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda avtomobillar o‘g‘irlanishi ko‘paygani haqida xabar berilgandi. YHXX aholiga o‘z mol-mulkini qanday himoya qilish kerakligini tushuntirgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная