Hodisa

Sirdaryoda ikki nafar IIB xodimi tovlamachilikda qo‘lga olindi

Huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoyat ishini “yopish” uchun fuqarolardan pul talab qilgan.

Sirdaryo viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari ishni yopish uchun pul talab qilgan ikki nafar IIB xodimini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Voqea oktyabr oyida sodir bo‘lgan. Sirdaryo viloyati Xovos tumani IIBga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi shirkatlardan birining dala maydonidan polietilen plyonka o‘g‘irlangani yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Tuman IIBning podpolkovnik va mayor unvoniga ega bo‘lgan ikki nafar katta tezkor xodimi o‘g‘rilikda gumonlangan to‘rt nafar fuqaroni majburan bo‘limga olib borgan. Xodimlar qamoqqa olish bilan tahdid qilib, ishni “yopish” uchun qo‘lga olinganlardan 55 mln so‘m talab qilishgan. Keyinroq ayblanuvchilar yetkazilgan zararni qoplash bahonasida 24 mln so‘m olgan.

Bundan tashqari, xodimlar ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik, shuningdek, ishni ma’muriy huquqbuzarlikka qayta kvalifikatsiya qilish uchun yana 11 mln so‘m talab qilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ushbu pullarni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, tovlamachilik yo‘li bilan pora olish) 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularni qamoqqa olishdi. Tergov boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda IIB xodimi xizmat xonasida narkologik laboratoriya tashkil etgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari profilaktika inspektorining uyini tintuv qilishdi, u yerda ham yerga ko‘milgan giyohvand moddalar topildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная