Sirdaryoda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
Amaldor fermerga xayoliy tekshiruvlar paytida yordam va homiylik ko‘rsatishni taklif qilgan.

Sirdaryoda Xovos tumani hokimi o‘rinbosari korrupsion jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Jinoyatchi viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi tuman bo‘limi mutaxassisi bilan til biriktirgan. Ular 2025-yilning yozida fermer xo‘jaligi rahbaridan xo‘jalikni sholi yetishtirish rejasiga kiritgani, eksport rejasi bajarilganini tasdiqlagani, shuningdek, go‘yoki DXX tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda homiylik qilgani uchun 10 ming dollar olgan.
Shundan so‘ng hokim o‘rinbosari yerni olib qo‘yish va jinoiy ish qo‘zg‘atish bilan tahdid qilib, yana 20 ming dollar talab qilgan. U sherigi orqali 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
Avvalroq Farg‘onada soliqchi pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Jinoyatchi pul evaziga yerni rasmiylashtirishga va’da berdi.
Izohlar