Shavkat Mirziyoyev zilzila munosabati bilan Afg‘onistonga hamdardlik bildirdi
Halokatli tabiiy ofat 800 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan Afg‘onistonga hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
6 magnitudali dahshatli zilzila Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘ldi. Zilzila epitsentri 8 km chuqurlikda bo‘lgan. Asosiy silkinishdan so‘ng 4,5 dan 5,2 gacha bo‘lgan uchta aftershok qayd etildi. Avvalroq 622 kishi halok bo‘lgani, yana 1,5 ming fuqaro jabrlangani haqida xabar berilgan edi.
Biroq Afg‘oniston hukumati “raqamlar yakuniy emasligini, chunki qutqaruv guruhlari hali ham chekka hududlarga yuborilayotganini” ma’lum qildi. Keyinroq “Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid Afg‘oniston sharqida tunda yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 812 nafarga yetgani, 2817 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
Izohlar