Hodisa

Samarqandda yetti kishidan iborat oilaning hayotiga zomin bo‘lgan portlashdan so‘ng gaz xizmati xodimlari sud qilindi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisaga qadar uyda yashovchilar gaz xizmatiga 11 marta gaz hididan shikoyat qilib murojaat qilgan, biroq ularning arizalari javobsiz qolgan.

Samarqandda bir oilaning yetti a’zosi halok bo‘lgan portlash ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi, deb xabar berdi Zamon.

Fojia 2025-yilning may oyida Bog‘isaroy mahallasida sodir bo‘lgan. Dastlab, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi olti kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan bo‘lsa, keyinroq yetti kishi qurbon bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisaga qadar uyda yashovchilar gaz xizmatiga 11 marta gaz hididan shikoyat qilib murojaat qilgan, biroq ularning arizalari javobsiz qolgan.

Sud “Hududgaz Samarqand” filiali shahar gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i va uning 3 nafar xodimini Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” va “b” bandlari — “Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik” bilan aybdor deb topdi. To‘rt kishiga ham 7 yildan qamoq jazosi tayinlanib, 3 yil davomida rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Bundan tashqari, sud gaz ta’minoti korxonasiga jabrlangan fuqarolarga qariyb 6 milliard so‘m miqdorida tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi.

Aniqlanishicha, o‘tgan yilning sentyabr-oktyabr oylarida xonadonlarni gazlashtirish ishlari loyiha va texnik shartlarsiz amalga oshirilgan. Pudratchilar zarur xulosalarsiz va himoya qoplamasisiz avtomobil yo‘li ostidan gaz quvurini noqonuniy ravishda yotqizgan va o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulagan. Natijada quvurda yettita teshik hosil bo‘lgan va ular orqali gaz markaziy kanalizatsiya qudug‘iga sizib chiqqan. Bu esa portlashga olib keldi.

Eslatib o‘tamiz, portlash oqibatida binoning temir-beton konstruksiyalari qulab tushgan. Yerto‘la xonalari, shuningdek, birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlar shikastlangan. Portlashdan keyin yong‘in sodir bo‘lmadi.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 10 ta birlamchi va maxsus yong‘in-qutqaruv texnikasi, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuch va vositalari jalb etildi. Qutqaruv ishlari davomida vayronalar ostidan olti nafar qurbonning jasadi topildi. Voqea yuzasidan dastlabki tergov ishlari boshlangan.

Avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi Andijondagi gaz portlashidan keyin O‘zbekistondagi masjidlarni tekshirishni boshlagani xabar qilingandi. Turar-joy va tahorat xonalariga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная