Hodisa

Samarqandda Ukrainadagi urushda qatnashgan erkak uch yilga qamaldi

O‘zbekistonlik taxminan bir yil davomida jangovar harakatlarda qatnashgan, so‘ngra yaralanganidan so‘ng elchixonaga murojaat qilgan va vataniga qaytgach, huquq-tartibot idoralariga aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida murojaat qilgan.

Samarqand viloyatida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda ishtirok etgan 27 yoshli fuqaroga hukm o‘qildi, deyiladi sud qarorida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro Rossiyaga ishlash uchun ketgan, shundan so‘ng u 2021-yilda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani uchun sudlanib, Chelyabinsk viloyatidagi qattiq tartibli koloniyaga jo‘natilgan. 2024-yilda qamoqdagi erkakka Rossiya huquq-tartibot idoralari uni ozod qilish, Rossiya fuqaroligini olish va pul mukofoti evaziga mojaroda ishtirok etishni taklif qilgan.

Erkak rozi bo‘lgan, shundan so‘ng u Luganskda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tarkibida Lugansk, Zaporojye, Xerson va Kursk viloyatlarida jangovar harakatlarda qatnashgan. Yarador bo‘lib, Moskvaga gospitalga yotqizilgan. 2025-yil mart oyida sog‘ayganidan so‘ng, erkak O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilib, yangi hujjatlarni olgan va 2025-yil 28-martda vataniga qaytib, o‘z ixtiyori bilan IIBga murojaat qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudi erkakni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topgan, biroq jazo tayinlashda erkakning o‘z aybiga chin ko‘ngildan iqror bo‘lgani va pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, shuningdek, og‘ir moddiy ahvoli va o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olgani inobatga olingan. Natijada fuqaroga umumiy tartibli koloniyada 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq O‘zbekistonda Ukrainadagi urushda qatnashgan mehnat muhojiri sudlangani haqida xabar berilgandi. Sudlanuvchi qamoqdan qochib qutuldi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная