Samarqandda uch yoshli bola g‘alla o‘rish kombaynining kesish mexanizmi ustiga yiqilib tushdi
Shifokorlar bolaning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi, biroq qo‘lning bir qismini butunlay kesib tashlashga to‘g‘ri keldi.

15-iyun kuni Samarqand viloyatida shifokorlar ehtiyotsizlik oqibatida g‘alla o‘rish kombaynining kesish mexanizmiga tushib ketgan uch yoshli bolaning hayotini saqlab qolishdi, deb xabar bermoqda STV.
Respublika ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Samarqand filialiga Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Umakay qishlog‘idan 3 yoshli bola og‘ir ahvolda olib kelindi.
Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, bola ehtiyotsizlik tufayli g‘alla o‘rish kombaynining kesish mexanizmi ustiga tushib ketgan. U ikkala qo‘lida ham og‘ir jarohatlar oldi — suyaklar sinishi va bilak darajasida mushak to‘qimalarining ezilishi. Qabul qilingan vaqtda bola og‘ir shok holatida bo‘lgan.
“Yuqori malakali oliy toifali shifokor Ro‘ziyev Panji Nabiyevich boshchiligida shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Jarrohlik amaliyoti davomida singan suyaklar va o‘ng qo‘lning shikastlangan mushaklari tiklandi. Biroq, chap qo‘l, ya’ni bilakning pastki uchdan bir qismi to‘liq travmatik amputatsiya qilinishi kerak edi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroda shifokorlar tomog‘iga tanga tiqilib qolgan bolaning hayotini saqlab qolgandi. Bola yot jismni yutib yuborgan, mutaxassislar unga shoshilinch jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
Izohlar